Yangiliklar
02.06.2025Bilasizmi… “KAMAZ-master” poyga yuk mashinasi 980 o.k. quvvatiga ega!
1980-yillar oxirlarida KAMAZ zavodining ilmiy-texnik markazida rallida qatnashish uchun noyob sport avtomobillarini ishlab chiqish boshlanadi. “KAMAZ-master” ralli jamoasi ham tashkil etiladi. 1990-yildayoq KAMAZ ekipaji “Dakar” rallisida qatnashadi va o‘shandan buyon “KAMAZ-master” jamoasi unda naq 17 marta g‘alaba qozondi, bu bilan Iveco, DAF, MAN kabi dongdor raqiblarni ortda qoldirdi.
“KAMAZ-master” poyga yuk mashinasi fantastika bo‘lib ko‘rinadigan xarakteristikalar bilan ajralib turadi. Masalan, u 60 darajagacha nishablikni yengib o‘tadi – bu seriyali “Toyota” yoki “Land Rover” yo‘ltanlamaslaridan ancha zo‘r ko‘rsatkich. Qolaversa, 10 tonna vazni bilan 100 km/s tezlikka atigi 9,8 sekundda chiqa oladi, bu odatiy yuk mashinasinikidan karrasiga tezdir. 2017-yilda, navbatdagi ralliga tayyorgarlik davomida, poygachi KAMAZ 37 metr masofaga sakragan!